TOShKENT, 15 apr – Sputnik. Ko‘ksaroy rezidensiyasida O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlarining tor va keng doiradagi uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev Qosim-Jomart Toqayevni tashrifi bilan qutlab, davlatlar orasida hamkorlik izchil rivojlanayotganini ta’kidladi.
– Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti sifatida ilk davlat tashrifingizni O‘zbekistonga amalga oshirganingizni yuqori baholaymiz. Buni mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga qat’iy intilish ifodasi deb bilamiz. Qozog‘iston biz uchun yaqin qo‘shni, strategik sherik. Hamkorligimizning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ijobiy dinamikaga erishilayotganidan mamnunmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qozog‘iston Prezidenti O‘zbekistonga taklif uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, muzokaralar samarali o‘tishiga ishonishini qayd etdi.
– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik sifati va amaliy mazmuni haqidagi gaplaringizga to‘la qo‘shilaman. Siz, hurmatli Shavkat Miromonovich, va Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev davlatlararo munosabatlarni yuqori bosqichga olib chiqdingiz. Bu sur’atni saqlab qolishni o‘zimning asosiy vazifam deb bilaman. Qozog‘istonda qardosh O‘zbekiston bilan aloqalarga talab juda katta, – dedi Qosim-Jomart Toqayev.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo, transport, sanoat kooperatsiyasi, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston BMT, ShHT, MDH, Islom hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi kabi xalqaro tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
Mintaqada tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishga ko‘maklashish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Muloqotda mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha tomonlarning pozitsiyalari mos yoki yaqin ekani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.