TOShKENT, 13 apr - Sputnik. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Surxondaryo viloyatida yuz bergan katta miqdordagi talon-tarojlik jinoiy ishi haqida xabar berdi.
"Departamentning Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, Termiz tumani arxitektura va qurilish kasb-hunar kolleji bosh hisobchisi Sh.X. kollejning 5 nafar sobiq ishchi-xodimlarining nomiga 2017-2018 yillar va 2019-yil 2 oyi davomida jami 221,8 mln. so‘m ish haqi yozib, ularning nomidagi plastik kartochkalarga oyma-oy tushirib olib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib, budjet mablag‘larini talon-toroj qilganligi aniqlangan", - deyiladi xabarda.
Tekshiruv davomida budjetga yetkazilgan zarardan 100,3 mln. so‘m undirilishi ta’minlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Sh.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.