TOShKENT, 26 fev – Sputnik. Toshkent viloyatida Olmaliq kon metallurgiya kombinatiga qarashli vaqtincha ish faoliyati to‘xtatilgan “Qo‘rg‘oshin koni”dan ruda toshlari o‘g‘irlab ketilgan.
O‘zbekiston IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasining ma’lum qilishicha, shu yil 6-fevral kuni o‘g‘rilar Olmaliq kon metallurgiya kombinatiga qarashli vaqtincha ish faoliyati to‘xtatilgan “Qo‘rg‘oshin koni”ga erkin yo‘l bilan kirishgan va tarkibida qimmatbaho metall bo‘lgan, og‘irligi 813 kg.450 gr. ruda toshlarini 28 dona qoplarga solib, talon-taroj yo‘li bilan non pishirish sexiga yashirib qo‘yishgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, o‘g‘irlik sodir etgan shaxslar qo‘lga olingan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.