TOShKENT, 11 apr – Sputnik. Joriy yil 9-aprel kuni asli kelib chiqishi o‘zbekistonlik, hozirgi kunda Qozog‘istonda o‘z tadbirkorlik faoliyatini yuritib kelayotgan Fattoh Shodiyev delegatsiyasini Sirdaryo viloyati hokimi G‘afurjon Mirzayev kutib oldi, deb xabar qildi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, uchrashuvda delegatsiya a’zolari Fattoh Shodiyev tashabbusi bilan “Shodiyev Xalqaro fondi” jamg‘armasi tomonidan Sirdaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, xususan, Sirdaryo xalqining turmush tarzini yanada yaxshilash, obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari uchun homiylik hisobiga 40 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilganligini aytib o‘tgan.
“Bugun ajratilishi rejalashtirilgan mablag‘ning qariyb 30 mlrd. so‘mi viloyatimizning maxsus hisob raqamiga kelib tushdi”, - deyiladi xabarda.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur mablag‘lar “Obod qishloq” dasturi doirasida amalga oshirilishi belgilangan viloyatning chekka qishloqlarini obodonlashtirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini, avtomobil yo‘llarini, oqova suv tizimlarini mukammal ta’mirlash, aholini turmush tarzini yaxshilash uchun yo‘naltiriladi.
Shuningdek, mablag‘ning bir qismi prezident tashabbusi bilan Xovos tumanida barpo etilayotgan Xovos city qurilishiga sarflanishi ko‘zda tutilmoqda.
Abduxalimov Alisher Usmonov sovg‘a qilgan nodir kitoblar taqdiri haqida gapirdi
Eslatib o‘tamiz, avvalroq milliarder Alisher Usmonov Namangan viloyati rivojlantirish uchun 50 million dollar naqd pul bergani haqida xabar qilgan edik.