TOShKENT, 10 apr — Sputnik. 2019 yil 09-aprelda “Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanalida xabar qilindi.
Xabarda yozilishicha, o‘zgartirishlarga muvofiq:
- svetoforning taqiqlovchi ishorasida to‘xtash chizig‘i oldida to‘xtaganda transport vositasining eng oldingi nuqtasi to‘xtash chizig‘i ustiga chiqib ketmasligi kerak;
- Toshkent shahar va viloyat hokimlari ayrim yo‘l uchastkalarida harakat tezligini (tegishli yo‘l belgilarini o‘rnatish) pasaytirishga vakolatli;
- aholi punktlarida ikkita harakat bo‘lagi bo‘lgan va o‘rtada tramvay izi bo‘lmagan bir tomonlama harakatli yo‘llarda to‘xtashga ruxsat etiladi;
- aylanma harakat chorrahasida harakatlanayotgan transport vositasi aylanaga kirib kelayotgan transport vositlariga nisbatan ustunlikka ega;
- kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoki kunduzgi chiroqlarni yoqib harakatlanishi shart;
- qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, oziq ovqat va shu kabi to‘kiluvchi tovarlarini tashishda yuk majburiy tartibda brezent yoki boshqa qalin material yopilgan bo‘lishi kerak;
- velosiped va moped haydashda rulni ushlamasdan yoki bir qo‘lda ushlab harakatlanish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, o‘zgartirishlar bilan 28 ta yangi yo‘l belgilari kiritildi.
Toshkent ko‘chalarida 25-martdan yana bir qoida kuchga kirdi - IIBB
Qizil chiroqda o‘ngga harakatlanish, radar, piyoda va velosipedchilar uchun tashkil etilgan yo‘lak kabi belgilar shular jumlasidandir.
Qayd etilishicha, o‘zgartirishlar haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.