TOShKENT, 9 apr - Sputnik. 2019-yil 5-7 aprel kunlari O‘zbekiston hududlarida kuchli yog‘ingarchiliklar bo‘lib o‘tdi. Shu kunlar oralig‘ida respublikada bahor oylarida bir oyda yog‘adigan yog‘in miqdori bir-necha soat ichida yog‘ib o‘tdi, deb xabar qildi FVV matbuot-xizmati.
Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida yuzaga kelgan holatlarni bartaraf etish maqsadida hududiy FVDqT xizmatlari kuch-vositalari jalb qilinib, yomg‘ir suvlari kirgan xonadonlarning tomorqalaridan suvlarni chiqarib tashlash ishlari olib borilgan.
Shuningdek holat yuzasidan viloyatlar hokimliklarida shtab ishi tashkil etilib, yomg‘ir natijasida hududlarda yuzaga kelgan vaziyatga aniqlik kiritilishi davom etmoqda.
Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumani Langar qishlog‘idagi 25 ta aholi xonadonlarining yordamchi uylariga va xovlisiga sel suvlari chiqqanligi aniqlanib, yig‘ilib qolgan har xil shox-shabalardan, loyqalardan tozalangan.
Chiroqchi tumanidagi "Bog‘ishamol", "Pakandi", "Qaxramon", "Chiljivut" MFYlari xududlaridan oqib o‘tuvchi "Qashqadaryo" darosi qirg‘og‘i yaqini yashovchi aholining yordamchi tomarqalari hamda "Navro‘z" MFY Navro‘z qishlog‘ining yuqori qismidan kelgan sel suvlari qishloqdagi jami 8 ta aholi xonadonlarining tomorqalariga toshib kirganligi sababli tuman ishchi guruhi tomonidan o‘rganilganda yer tomorqalarining kadastr hujjatlari mavjud emasligi, noqonuniy tarzda ekin maydoniga aylantirgani aniqlangan.
Navoiy viloyati Xatirchi tumanida 5-aprel kuni soat 02:40 dan 03:25 ga qadar hududda ko‘p miqdorda yomg‘ir yog‘ishi natijasida, "Qo‘shchinor", "Qorizarab", "Bog‘chakalon" MFY hududidan o‘tuvchi soy yo‘li orqali Urganja qishlog‘i "Saroy", "Mirdosh", "Uchqara", "Guliston" MFY jami 132 xonadonning tomorqa va hovlilariga suv kirgan.
Jizzax viloyati G‘allaorol tumani "Moltob" va "Lalmikor" QFY hududidan sel oqib o‘tgan. “Oqtosh” QFYdagi 8 ta xonadon hamda “Nurliquyosh” qishlog‘idagi 1 ta xonadon tomorqasi va xovlisiga suv kirgan.
"Moltob" QFY Yangiqishloq ko‘chasida joylashgan jami 6 ta xonadonlarga qisman yomg‘ir suvlari kirib, qo‘shimcha binolari (molxona, ayvon, o‘tinxona, xojatxona)lar qisman zarar ko‘rgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu QFY oqsoqoli va mahalla faollari tashabbusi bilan xovlilar, tomorqa va ko‘chalarda xashar yo‘li tozalash ishlari olib borilmoqda.
"Ko‘kgumbaz" QFY hududidan oqib o‘tgan Qorasoydan yomg‘ir suvlari kelishi oqibatida jami 8 ta xonadonlarning qo‘shimcha binolari (molxona, garaj, ayvon, tandirxona)lari hamda xonadon tomorqalariga qisman suv oqimi kirgan bo‘lib, kelgusida Qorasoyda yomg‘ir suvlari toshishini oldini olish maqsadida, soyning o‘ng qirg‘og‘ida 600 metr, chap qirg‘og‘ida 200 metr masofada tozalash ishlari olib borildi.
Samarqand viloyati Samarqand shahri hududida 5-aprel kuni surunkali yomg‘ir yog‘ishi natijasida yuzaga kelgan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida 7-aprel kuni viloyat hokimi topshirig‘iga asosan viloyat FVB, IIB, Arxitektura va qurilish nazorat inspeksiyasi, Samarqand shahar hokimligi, Kadastr xizmati, Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi, Gaz va Elektr ta’minoti xizmatlari mutaxassilaridan iborat ishchi guruh tuzildi.
Ular tomonidan Samarqand shahridagi A.Jomiy, Maxmud Qoshg‘ariy, Obi Raxmat, Bo‘stansaroy, Dagbit, Istiqbol, Mir Said Baraka, Ro‘dakiy, Motrid, Buyuk ipak yo‘li, Zarafshon temir yo‘l stansiyasi ko‘chalarida joylashgan yakka tartibdagi aholi hovlilarining yomg‘ir suvlaridan zarar ko‘rgan aholi xo‘jaliklarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish tadbirlari olib borildi.
Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida 5-aprel kuni soat 16:35 dan 18:20 ga qadar hududda yomg‘ir yog‘ishi natijasida, Surxon temir yo‘l stansiyasi hududiga yomg‘ir suvi to‘plangan. Temir yo‘lga zarar etmagan. "Termiz-Toshkent" yo‘nalishdagi yo‘lovchi poyezd 55 minutga ushlab turilgan. Shu bilan birga, "Markaziy Surxon" MFYdagi 7 ta, "Avlod" MFYdagi 6ta va "O‘rikli" MFYdagi 6 ta aholi hovlilariga yomg‘ir suvlari kirgan.
Qumqo‘rg‘on tumanida 5-aprel kuni soat 16:35 dan 18:20 ga qadar hududda yomg‘ir yog‘ishi natijasida, "Arpapoya" MFY hududidan o‘tuvchi Bobotog‘ kanalidan suv toshib, 7 ta xonadonning tomorqa va xovlilariga suv kirgan.
Respublika bo‘yicha talofatlarni bartaraf etish uchun jami FVDqT xizmatlarining 605 nafar xodimi va 115 ta texnikasi jalb etilgan.