TOShKENT, 26 mar - Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi xavfli gidrometeorologik va geologik vaziyatlar yuz berishi mumkin bo‘lgan hududlar bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi. Olingan ma’lumotlar sel xavfi nisbatan yuqori bo‘lgan hududlarni aniqlash imkonini berdi, deb xabar qildi O‘zA.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, sel – bu kichik tog‘ ko‘llari havzalarida to‘satdan yuzaga keluvchi yuqori konsentratsiyadagi mineral zarralar, toshlar va tog‘ jinslari qoldiqlarining yuqori sur’atdagi oqimi va odatda jala yog‘ingarchiliklari yoki qorlarning shiddatli erishi bilan kuzatiladi. Bu hodisa turar joylar, infratuzilma obyektlariga katta zarar yetkazishi, inson hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.
Hozirgi kunda O‘zbekistonning deyarli barcha tog‘ va tog‘oldi hududlari sel xavfi yuqori bo‘lgan hududlar hisoblanadi. Bunda, ayniqsa, Farg‘ona vodiysi mazkur hodisa xatari ostidadir. Bundan tashqari, Namangan, Farg‘ona viloyatlari, undan so‘ng Surxondaryo, Toshkent, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari ham sel xavfi nisbatan yuqori viloyatlar deb topildi.
Sel oqimining halokatli oqibatlarini kamaytirish maqsadida FVV tomonidan selga qarshi gidrotexnika inshootlari, sellarni ajratuvchi, ushlab qoluvchi va saqlab qoluvchi obyektlar qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan qiyaliklarga ko‘ndalang ravishda ishlov berish, tog‘ yon-bag‘irlarini pog‘ona-pog‘ona qilib ishlash, chopiq ekinlari ekilishini taqiqlash kabi ishlarni o‘z ichiga olgan agrotexnik tadbirlar shular jumlasidandir. Yerning holati ham sel oqimi xavfli hududlarda harakatga kelishini qo‘zg‘atuvchi muhim omillardandir. Yerning holatini yaxshilash va tog‘oldi hududlarda uning yemirilishini bartaraf etish maqsadida tog‘ yon-bag‘irlari va daryo o‘zani bo‘ylab yangi va o‘rmon ko‘chatlarini ekish hamda mavjudlarini sog‘lomlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.