TOShKENT, 9 apr – Sputnik. “Navoiy” chegara bojxona postida zargarlik buyumlarini yashirin tarzda olib o‘tishga qarshi tezkor tadbir o‘tkazildi, deb xabar qildi Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, tadbirda mamlakatdan mazkur post orqali chiqib ketayotgan fuqaro Yu.O. xolislar ishtirokida belgilangan tartibda nazoratdan o‘tkazildi.
Natijada, fuqaro bojxonachilarga ma’lum qilmasdan qo‘lbola usulda oq rangga bo‘yalgan, jami og‘irligi 592,16 grammni tashkil qiluvchi 207,2 million so‘mlik 1 dona zanjir va 2 dona bilaguzuklarni yashirincha olib o‘tayotgani aniqlandi.
Shuningdek, tadbir davomida mamlakatdan qo‘shni davlatga chiqib ketayotgan yana bir fuqaro Yu.M. ham xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Natijada, uning egnidagi kiyimboshidan qo‘lbola usulda oq rangga bo‘yalgan, og‘irligi 601,89 grammni tashkil qiluvchi 210,6 million so‘mlik 1 dona tilla zanjir va 2 dona tilla bilaguzuklarini yashirincha olib o‘tishga urinishi fosh qilindi.
Hozirda holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.