TOShKENT, 5 apr - Sputnik. O‘zbekistondagi Beeline kompaniyasini portlatib yuborish bilan tahdid qilgan shaxs qo‘lga olindi
O‘zbekiston IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasining xabar qilishicha, 2019-yil 4-aprel kuni noma’lum shaxs “Beeline” uyali aloqa kompaniyasiga qo‘ng‘iroq qiladi. U hisobi to‘ldirilgan bo‘lsa ham qo‘ng‘iroq qilolmayotganidan shikoyat qiladi. Agar 5 daqiqada hisob raqami yoqilmasa, kompaniyani portlatib yuborishini aytadi. So‘ngra aloqani uzib qo‘ygan.
Holat yuzasidan Toshkent viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari tomonidan tezkor aniqlov tadbirlar o‘tkaziladi.
“Ushbu qo‘ng‘iroqni Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumani Nurafshon MFY Navbahor ko‘chasida yashovchi V.M. mast holda, aloqa tarmog‘i yaxshi ishlamaganligi sababli qo‘ng‘iroq qilganligi aniqlanib, V.M. qo‘lga olingan”,- deyiladi xabarda.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.