TOShKENT, 3 apr - Sputnik. Surxondaryo viloyati hokimi Bahodir Po‘latov mahalliy aholi bilan xayrlashdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Sobiq hokim mahalliy aholiga qo‘llab-quvvatlagani va yordam uchun minnatdorchilik bildirgan.
“Qadrli surxondaryoliklar! Xalqi mard va tanti, tuprog‘i zar bu vohadagi faoliyatim davomida men bilan yelkama-yelka turib, birga ishlagan, qo‘llab-quvvatlagan Siz azizlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, tinchlik va xotirjamlik tilayman. Surxondaryo yanada gullab yashnayversin!” - deyiladi rasmiy xabarda.
Kecha, 2-aprel kuni, mahalliy nashrlarda Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Bahodir Baxtiyarovich Po‘latov lavozimidan ozod etilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.