TOShKENT, 2 apr - Sputnik. Jori yil 30-mart kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida yashagan ayol murdasi o‘z kvartirasi oshxonasida qotillik alomatlari bilan topilgan va mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Toshkent shahar prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan deyarli bir sutka ichida o‘tkazilgan zarur tezkor-tergov harakatlari natijasida qotil qo‘lga olindi, deb xabar qildi prokuratura matbuot-xizmati.
Xabarda aytilishicha, joriy yilning 29-mart kunidan 30-mart kuniga o‘tar kechasi marhuma o‘z xonadonida tanishi A.A. bilan spirtli ichimliklar iste’mol qilgan. Keyin o‘rtalarida janjal yuz berib, oqibatda A.A. mast holatda stol ustida turgan oshxona pichog‘i bilan ayolning o‘ng bo‘yin sohasiga urib, so‘ngra hodisa joyidan yashiringan.
Holat yuzasidan birinchi aprel kuni Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. A.A. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi(qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanuvchi sifatida JPKning 221-moddasi (jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib) ushlangan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov davom etmoqda. Prokuratura natijasiga ko‘ra qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qilgan.