TOShKENT, 2 apr – Sputnik. Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoyasini ta’minlash yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda bepushtlikni davolash uchun mo‘ljallangan qalbaki “Komaston” dori vositasi importi fosh qilindi.
Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.
Dori vositasi Hindistonda ishlab chiqarilib, Samarqandda ro‘yxatdan o‘tgan xorij kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonga olib kelingan.
Dori vositalari laboratoriya tekshiruvlari natijasiga ko‘ra qalbaki ekanligi aniqlangan.
Laboratoriya tekshiruvlari natijasida dori vositasi tarkibida ko‘rsatilgan asosiy “Didrogesteron” ta’sir etuvchi moddasi mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi
Tergovga qadar tekshiruvda "B" MChJ xorijiy korxonasi mutaxassisi J.N. va boshqalar soxta hujjatlar tayyorlab, 2018-yilda jami 115,5 mingta "Komaston" vositasini dori sifatida rasmiylashtirishga va O‘zbekistonga import qilishga erishib, shundan, 76,5 mingtasini ichki bozorlarda 4,8 milliard so‘mga sotgani aniqlandi.
Departament organlari tomonidan qalbaki “Komaston” dori vositalarining ichki bozorlarda noqonuniy muomalaga kiritilishining oldini olish choralari ko‘rilgan.
Mazkur holat yuzasidan "B" MChJ xorijiy korxonasi mutaxassisi J.N. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
"Aholi xotirjam bo‘lishi mumkin. Mazkur dori vositasi sotuvi butunlay to‘xtatilgan", - deb ma’lum qilindi Bosh prokuraturada.