TOShKENT, 30 mar - Sputnik. Hukumat qarori bilan Ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini uzluksiz ta’lim olishini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini uzluksiz ta’lim olishini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yoshlar masalalari bo‘yicha hududiy idoralararo kengashlar tomonidan amalga oshiriladi.
Xususan, o‘quvchilar quyidagilar bilan ta’minlanadi: zamonaviy yagona maktab formasi; asosiy turdagi o‘quv qurollari; badiiy kitoblar. Shuningdek, o‘quvchilarga gazeta va jurnallarga obuna bo‘lishda amaliy yordam ko‘rsatiladi hamda ularning respublika oromgohlarida dam olishi va sayohatlar tashkil etiladi.
Bolalarni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlari va mahallalar har yili 1-iyungacha idoralararo kengashlarga yozma tavsiya bilan birga quyidagi hujjatlar taqdim etadi: o‘quvchilarning yutuqlarini tasdiqlovchi hujjatlar (mavjud bo‘lganda); o‘quvchi va oila a’zolarining pasporti yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxalari; nogironlikni tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi (mavjud bo‘lganda); boquvchisini yo‘qotganlik to‘g‘risidagi hujjat nusxasi (mavjud bo‘lganda).
Hujjatlar har yili 10-iyungacha idoralararo kengashlar tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda 15-iyunga qadar viloyat kengashlariga taqdim etiladi.
Qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qaror har yili 30-iyunga qadar qabul qilinadi.