TOShKENT, 29 mar – Sputnik. Hukumat qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” telegram kanali orqali xabar qilindi.
Ta’kidlanishicha, qaror bilan sil kasalligi bo‘yicha Respublika DOTS markazi tugatilib uning vazifalari Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga o‘tkazildi.
Nizomga ko‘ra, Agentlikning asosiy vazifasi keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni takomillashtirish hisoblanadi.
Agentlik tuzilmasiga quyidagilar kiradi:
- hududiy tibbiy-ijtimoiy xizmatlar bo‘linmalari, tuman sho‘’balari;
- urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati;
- nogironligi bo‘lganlar va keksalar uchun “Muruvvat” va “Saxovat” internat-uylari;
- nogironligi bo‘lganlar va keksalar, urush va mehnat faxriylari uchun respublika sanatoriylari;
- nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi, uning hududiy markazlari;
- Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari;
- Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha respublika reabilitatsiya markazi.
Nizom bilan Agentlikning huquqlari va majburiyatlari belgilab berildi. Agentlik direktori Hukumat tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod qilinadi.