TOShKENT, 19 mar – Sputnik. 2019-yil 18-mart kuni Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, endilikda tegishli ish stajiga ega bo‘lmagan bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalarga ular 55 yoshga yetganlarida ijtimoiy nafaqa tayinlanadi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida xabar qilindi.
Mazkur nafaqa bolaning nogironligi to‘g‘risida Tibbiy-maslahat komissiyasining tibbiy xulosasi yoki ma’lumotnomasi asosida tayinlanadi.
Qonunchilikka muvofiq, I va II guruh nogironlarga, yoshga doir yoki boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi tayinlangan nafaqa oluvchilarga, agar ular haq to‘lanadigan ishni bajarishi yoki daromadning boshqa manbaiga ega bo‘lishi munosabati bilan nafaqa to‘lash to‘xtatilar edi.
Qaror bilan mazkur tartib bekor qilindi, ya’ni nafaqa oluvchi boshqa daromad keltiradigan ish bilan shug‘ullanishi yoki shug‘ullanmasligidan qat’iy nazar nafaqa to‘lash davom ettiriladi.