TOShKENT, 20 mar – Sputnik. O‘zbekiston BMTning eng baxtli mamlakatlar reytingida 41-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatgich World Happiness Report 2018 hisobotida aks ettirilgan.
O‘zbekiston o‘z ko‘rsatgichini yaxshilashda davom etmoqda. So‘nggi ikki yil ichida 47-o‘rindan 41-o‘ringa ko‘tarildi.
Eng baxtli mamlakatlar o‘nligiga esa Finlyandiya, Daniya, Norvegiya, Islandiya, Niderland, Shveysariya, Shvetsiya, Yangi Zelandiya, Kanada va Avstriya kiritilgan.
Qayd etish joizki, Finlandiya ketma-ket ikkinchi yil reyting yetakchisi sifatida ko‘rsatilmoqda.
Rossiya 9 pog‘ona pastlab, 59-o‘rindan 68-o‘ringa tushib ketdi.
MDH davlatlari orasida Qozog‘iston 60-o‘rin, Turkmaniston 87-o‘rin, Tojikiston 78-o‘rin, Qirg‘iziston esa 86-pog‘onadan joy oldi. Bu yilgi hisobotda Ukraina 133-pog‘onadan joy olib, eng yomon ko‘rsatgichni qayd etdi.
Eng baxtsiz mamlakatlar uchligicha Janubiy Sudan (156), Markaziy Afrika Respublikasi (155) va Afg‘oniston (154) kiritildi.
The World Happiness Report hisoboti 2012-yildan buyon BMT buyurtmasiga binoan tuziladi. Tadqiqotda mualliflar 156 ta mamlakatni uzoq umr ko‘rish darajasi, ijtimoiy himoya, korrupsiya va boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholashadi.