TOShKENT, 20 mar - Sputnik. Qozog‘istonda Nursulton Nazarboyev iste’fosidan keyin manfaatdor davlatlar, shu jumladan, AQSh va Xitoy o‘rtasida ta’sirga ega bo‘lish uchun kurash boshlanishi mumkin, deb hisoblaydi LDPR yetakchisi Vladimir Jirinovskiy.
Nazarboyev seshanba kuni 20-martda davlat rahbari vakolatini o‘zidan soqit qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgani haqida bayonot bilan chiqdi. Qozog‘istonda vaqtinchalik prezident vakolatini bajarish vazifasi Senat spikeri Kasim-Jomart Tokayevga yuklandi.
"Ayni vaqtda Qozog‘istonning kelajagi aksariyat holatda amerikaliklarga bog‘liq. Ular Ukrainadan so‘ng endi bu yerda bizga "yara"ni yuzaga keltirishlari mumkin. U yerda amerikaliklar tayyorlagan odamlar ko‘p. Qozog‘istonda Xitoyning, Yevropaning, islomiylarning, O‘zbekistonning manfaatlari bor. Hozir klanlar ta’sirga ega bo‘lish uchun urush boshlashlari mumkin. Uyg‘urlar, qashg‘arlar, junganlarni qurollantirish boshlanadi", - deb yozgan Jirinovskiy o‘zining Telegram-kanalida.
U shuningdek, Nazarboyevning Qozog‘iston prezidenti lavozimidan bu tariqa ketishini "sharqona hiyla", deya baholadi.
"Bir tomondan qaraganda, hali Nazarboyev tugal ketgani yo‘q. Bu sharqona hiyla: u baribir Milliy xavfsizlik kengashi va hukmron partiyaga rahbarlik qiladi - u bergan signal bilan istalgan bosh vazirni ishdan olishadi, har qanday saylovlarda kerakli nomzod yutib chiqadi. Yangi prezident lavozimini esa uning qarindoshlaridan biri egallaydi; yoki qizi, jiyani yoki yana kimdir - ularning aksariyati katta lavozimlarni egallab bo‘lgan", - deb yozgan LDPR yetakchisi.
Nazarboyev prezidentlik postini sal kam 29-yil egalladi. U ilk bor 1990-yilning 24-aprelida Qozoq SSSR prezidenti etib saylangan. 1991-yilning dekabrida uni mustaqil davlat rahbari sifatida saylashgan. Bunga qadar 5-yil mobaynida u respublika vazirlar kengashi raisi lavozimida, 1989-yildan 1991-yilga qadar Qozog‘iston kompartiyasi birinchi kotibi lavozimida faoliyat yuritgan.