TOShKENT, 19 mar - Sputnik. 19-mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bugun iste’foga chiqqan Qozog‘istonning Birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Ikki davlat rahbarlari muloqot davomida har sohada muvaffaqiyatli va samarali rivojlanayotgan o‘zbek-qozoq munosabatlarining do‘stona xarakterini ta’kidlab o‘tdilar, deb xabar qiladi TIV matbuot-xizmati.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning Birinchi prezidenti tomonidan ikki davlat xalqlari o‘rtasida mustahkam do‘stlik fundamenti qo‘yilishida qo‘shgan hissasini chuqur mamnuniyat bilan e’tirof etdi.
Suhbat davomida, Nazarboyev rahbarligida zamonaviy bozor iqtisodiyotiga ega davlat barpo etilgani, ko‘pmillatli va ko‘pdinli mamlakatda tinchlik va hamjihatlik ta’minlangani qayd etildi. Bugungi kunda Qozog‘iston dunyoning rivojlangan 50 davlati ro‘yxatidan joy olgan.
Ikki davlat yetakchilari mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik, axil qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan munosabatlar bundan keyin ham rivoj topib, yanada mustahkamlanib borishiga qat’iy ishonch bildirdilar.
Prezident Mirziyoyev Nazarboyevga samimiyat ila mustahkam sog‘lik, g‘ayrat va Qozog‘iston xalqiga bundan keyingi xizmatida tuganmas kuch-quvvat tiladi va do‘stona munosabatlar davom etishiga ishonch bildirdi.