TOShKENT, 18 mar – Sputnik. “O‘zbekiston havo yo‘llari” reyslarida har bir yo‘lovchi taklif etilgan narxlarga binoan belgilangan megabaytlarni xarid qilishlari va parvoz vaqtida undan foydlanishlari mumkin. Bu haqda Uzcard kompaniyasi xabar qilmoqda.
Xabarda qayd etilishicha, Uzcard banklararo to‘lov tizimi orqali internet xizmatlari uchun bank kartalari yordamida to‘lovlarni amalga oshirish maqsadida Yagona umumrespublika protsessing markazi mutaxassislari tomonidan “O‘zbekiston havo yo‘llari” ning billing tizimiga integratsiya qilish imkoniyati yaratildi.
Endilikda, har bir yo‘lovchi taklif etilgan narxlarga binoan belgilangan megabaytlarni xarid qilishlari va parvoz vaqtida undan foydlanishlari mumkin. Ushbu to‘lov jarayoni mobil uskunaga integratsiya qilingan avtomatlashtirilgan tizim orqali hamda parvoz xodimi yordamida amalga oshiriladi.
Yangi samolyot 150 nafar yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan bo‘lib ( biznesda -12 ta, ekonom klassda -138 ta), qator qulayliklarga ega: zamonaviy dizayn, qulay va keng o‘rindiqlar va ularga joylashtirilgan dasturli monitorlar, aloqa va Wi-Fi tizimi, mukammallashtirilgan tovush izolyatsiyasi. Wi-Fi tizimidan foydalanish imkoniyati ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish, mahalliy va jahondagi so‘nggi yangiliklardan ogoh bo‘lish kabi imkoniyatlarni yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining yangi Airbus A320neo modelidagi samolyot o‘z qatnovlarini boshlagani va ilk reys Toshkent-Boku-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilgani haqida xabar qilgan edik.