TOSHKENT, 18 mar – Sputnik. Bugun Samarqand viloyatining jinoyat ishlari boʻyicha sudida, muqaddam sudlangan va 5 yilga ozodlikdan cheklash jazosiga mahkum etilgan, shafqatsiz qotil Tolib Azimjonov ustidan sud hukmi oʻqildi, deb yozmoqda Daryo muxbiri.
Oʻtgan yilning oktyabr oyida sodir etilgan ushbu jinoyat lahzalari videokameralar nigohiga tushib qolgan va keyinchalik internetda keng tarqalgan edi. Unda qotil suhbatdoshiga oʻnlab zarbalar berayotgani aks etgan. Yaralangan kishi qochib koʻchaga chiqanda ham quvib borib unga yana zarbalar beradi. Oʻshanda ushbu shafqatsiz jinoyat koʻpchillikni larzaga solgan edi.
Tergov jarayonida aniqlanishiga koʻra, 1999 yilda tugʻilgan Tolib Azimjonov onasi R.K. va avtomobil ehtiyot qismlari sotish doʻkonida ishlaydigan Shuhrat Rasulov orasidagi munosabatlardan xabar topadi va Rasulovga nafrati oshib uni qasddan oʻldirish niyati paydo boʻladi.
2018 yilning 15 oktyabr kuni, Tolib Azimjonov spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holda, oshxona pichogʻini olib, Rasulov odatda boʻladigan Samarqand shahar Amir Temur koʻchasida joylashgan savdo doʻkoniga keladi.
Soat 08:15da Azimjonov doʻkonga kirib dastlab u bilan suhbat qiladi va unga pichoq bilan 29 marotaba shafqatsizlik bilan zarba beradi. Shuhrat Rasulov unga faol qarshilik koʻrsatib, oʻzining hayotini saqlab qolish uchun «Erkin» savdo majmuasi tomonga qochadi. Azimjonov Rasulovning ortidan borib unga yana 6 marotaba pichoq uradi.
Ushbu jinoyat yuzasidan sud Tolib Azimjonovni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 2 qismi «j» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Undan tashqari Samarqand shahar sudining 2018 yil 5 martdagi hukmi bilan tayinlangan, 5 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosining oʻtalmay qolgan 4 yil 5 oy 9 kuni, tayinlangan jazosiga qisman qoʻshish yoʻli bilan qatʼiy oʻtash uchun uzil kesil 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.