TOShKENT, 15 mar — Sputnik. 11-mart kuni xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi "Zarafshon" nashri.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, viloyat va shahar Kengashlari deputatlari, viloyat va shahar ijro hokimiyati, prokuratura, ichki ishlar va boshqa nazorat idoralarining rahbarlari, nodavlat-notijorat tashkilotlar vakillari ishtirok etgan.
Ta’kidlanishicha, ushbu vazifani amalga oshirish uchun Oliy Majlis Senati komissiyasi tuzilgan. Samarqand viloyatida shu asosida hududiy komissiya tashkil etildi. Mazkur komissiya 10 kun davomida Samarqand shahar ichki ishlar boshqarmasining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha faoliyatini o‘rganib chiqdi.
Ushbu o‘rganishlar natijasi yuzasidan ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha viloyat komissiyasi raisi Otabek Ahtamov axborot berdi.
Samarqand shahrida jinoyatchilikning qotillik, qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazish, talonchilik, firibgarlik, o‘g‘irlik va avtotransport vositasini olib qochish bilan bog‘liq turlari oshgan. Mahallalarning 122 tasida jinoyatlar sodir etilgan.
Shuningdek, o‘rganish shaharda muqaddam sudlanganlar tomonidan takroran jinoyatlar sodir etilishi oydan oyga o‘sayotganligini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, 2 oy davomida sodir qilingan jinoyatlarning 8,2 %i fosh etilmagan.
Sessiyada ichki ishlar idoralari, mahalla va ta’lim muassasalari hamkorligi qoniqarli emasligi, buning natijasida voyaga yetmaganlar orasida chel elga chiqib ketish, jinoyatchilik va turli huquqbuzarliklar uchrayotgani tanqid qilingan.
Qayd etilgan kamchiliklar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglangan.