TOShKENT, 15 mar — Sputnik. Rossiya xalq artisti, aktor, rejissor Yuriy Stoyanov O‘zbekistonning Rossiyadagi turistik brendi elchisi etib tayinlandi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Yangi elchini tanishtirish marosimi O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasida bo‘lib o‘tdi.
Yuriy Stoyanov – O‘zbekiston uchun tasodifiy inson emas. Uning onasi Yevgeniya Leonidovna Ulug‘ Vatan urushi yillarida Toshkentga evakuatsiya qilingan kishilardan biri edi. Artist uni va onasi o‘limdan qutqarib qolgan bu shahardan minnatdor ekanligini tan oldi. 2018-yilning yoz oyida Stoyanov Toshkentda katta konsert berdi. Shuningdek, uning onasi ishlagan va istiqomat qilgan yerlarni borib ko‘rdi.
Yuriy Stoyanov so‘zlagan nutqida unga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlichk izhor etib, do‘stlarni qadrlashga chaqirdi.
“Bizning hamkorlarimiz juda ko‘p, lekin, kelinglar do‘stlarni qadrlaylik. Men to‘plamda nima uchun O‘zbekistonga sayohat qilish kerak bo‘lgan 100 ta sabablarni o‘qidim. U yerda asosiy sabab ko‘rsatilmagan. O‘zbekistonga shunchaki mehmondorchilikka emas, balki do‘stlarning oldiga borish kerak. O‘zbek xalqining noyob xislati - bu mehmonga bo‘lgan samimiy g‘amxo‘rlik”, - dedi Stoyanov.
Elchixonadagi tadbir davomida mamlakat elchisi Botirjon Asadov so‘nggi paytlar turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida gapirib berdi.
Shuningdek, jurnalistlar va turistik biznes vakillariga yangi TopTripTrip Uzbekistan mobil ilova namoyish etildi. Ushbu ilova mamlakat mehmonlariga diqqatga sazovor bo‘lgan joylar haqida ko‘proq ma’lumot olishga yordam beradi.