TOShKENT, 12 mar - Sputnik. Rossiyaning "Yakutiya" va "KrasAvia" aviakompaniyalari O‘zbekiston Havo yo‘llaridan oltita Il-114-100 kichik yo‘lovchi samolyotlarini sotib olishi mumkin, deb xabar qilmoqda Rossiya OAVlari.
Ushbu samolyotlardan ayni damda O‘zbekistonda foydalanilmayapti. 2018-yilda ular A320 samolyotlari bilan almashtirilgan edi.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, bitim narxi samolyotlar ehtiyot qismlari, aviatrenajer hamda va kerakli qo‘shimcha uskunalar bilan birgalikda 50 million dollar miqdorida belgilangan.
Ushbu samolyotlarni sotib olishdan maqsad - kelajakda Rossiyada ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan Il-114-300 samolyotlarining ekspluatatsiyasiga tayyorgarlik ko‘rish, uchuvchilarni o‘rgatish, deyilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ayni damda Rossiyada Il-114-300 samolyotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Aviakompaniyalarga yangi samolyotlarni 2023-yilda yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Bugungi kunda “Yakutiya” aviakompaniyasi An-24 samolyotlaridan foydalanmoqda. Bu samolyotlar 2023-yilga qadar butunlay ishdan chiqishi mumkin.