TOShKENT, 10 mar — Sputnik. O‘zbekiston “AirVisual” havo sifatini monitoring qilish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilot tomonidan tuzilgan 2018-yilda eng iflos havoga ega mamlakatlar reytingida 16-o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston reytingda sariq rang bilan belgilangan. Bu havodagi zararli moddalar miqdori qoniqarli darajada, lekin ifloslangan havoga sezgir bo‘lgan kishilar o‘z salomatligi haqida qayg‘urishi kerakligini bildiradi.
Qayd etish joizki, Qozog‘iston 20-o‘rin, Ukraina-49, Rossiya 58-o‘rindan joy olgan. O‘zbekiston va Qozog‘istondan tashqari Markaziy Osiyo mamlakatlari reytingga kiritilmagan.
Jahon bo‘yicha eng ifloslangan havoga ega davlat sifatida Bangladesh ko‘rsatilgan. Undan keyingi pog‘onalardan Pokiston va Hindiston o‘rin olgan.
Havosi eng toza mamlakat sifatida Islandiya, Finlandiya, Avstraliya qayd etilgan.
Reyting tuzuvchilar har yili havo ifloslanishi tufayli 7 mln.ga yaqin kishi vafot etishi, shuningdek, bu holat jahon iqtisodiyotiga har yili 225 mlrd. dollarlik zarar yetkazishini qayd etishdi.