TOShKENT, 9 mar - Sputnik. Joriy yil 10-fevral kuni Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining "Ochiq muloqot" ko‘rsatuvida Kattaqo‘rg‘on shahar hokimiga savol bergan Jamshid Arziqulov 15 sutkaga qamaldi, deb xabar tarqatdi "Zarafshon" gazetasi.
Xabarda aytilishicha, ochiq muloqot vaqtida Kattaqo‘rg‘on shahar rahbari Muzaffar Hoshimov aholidan tushgan murojaatlarga javob qaytargan.
Kattaqo‘rg‘on shahri Do‘stlik mahallasida yashovchi Jamshid Arziqulov alimentdan qarzi borligi, o‘zi ishsizligi, agar ishga joylashadigan bo‘lsa, qarzlarini to‘lashini aytib, murojaat qilgan.
Shahar hokimligi erkak murojaatini yerda qoldirmagan va shahar obodonlashtirish boshqarmasiga ishga joylashtirgan. Ammo Arziqulov ushbu onlayn murojaatdan so‘ng 15 sutkaga qamalgan.
"Men Jamshid Arziqulovning keyingi rafiqasiman, turmush o‘rtog‘im ishga kirib, "Maosh olsam aliment pulini, albatta, to‘layman", deb turganida uni qarzdorligi bois o‘n besh sutkaga qamab qo‘yishdi. Qamoqdan olib chiqishim uchun 456 ming so‘m to‘lashim kerak ekan. Shuncha pulimiz bo‘lganida, birinchi navbatda alimentni to‘lardik-da. Ishsizman, yosh bolalarim bilan qiynalib o‘tiribmiz...", - deya erkakning keyingi rafiqasi X.Haydarova so‘zlarini keltiradi nashr.