TOShKENT, 9 mar — Sputnik. AQSh elchixonasi xodimi Moskvaning Sheremetyevo aeroportiga o‘z bagajida mina olib kirishga urindi, deb xabar qildi Rossiya TIV.
"AQSh, aftidan, chegaramiz yaqinida jangovar kema va samolyotlarning provokatsion reydlarini tashkil qilib, Rossiyaning nafaqat tashqi balki ichki xavfsizligini ham sinovdan o‘tkazishga urinmoqda. Bu uchun ular hatto o‘z elchixonalari xodimlarini ham ishga solgan", - deb xabar qildi Rossiya TIV vakili RIA Novostiga bergan intervyusida.
TIV ma’lumotiga ko‘ra, minomet minasiga o‘xshash predmet, bugun amerikalik bagaji lentadan o‘tkazilayotganida aniqlangan.
"Minachilar chaqirilgach, ular haqiqatda bagajdagi predmet portlovchi mina ekanligini tasdiqlagan. Minaning ichida portlovchi modda bo‘lmagan, ammo uning korpusida bu modda izlari mavjud bo‘lgan", - deb ta’kidlagan TIV xodimi.
Diplomatlar so‘zlariga ko‘ra, elchixona ishchisi komandirovkasi tugab, Rossiyani tark etayotgan bo‘lgan va bo‘sh minani "shaxsiy kolleksiya uchun" xarid qilgan bo‘lgan. Reysiga kechikkani bois, amerikalikka aviachiptani qayta rasmiylashtirishga ko‘mak berilgan va 14:35 u minasiz va hech qanday to‘siqsiz Nyu-Yorkka uchib ketgan.
Rossiya TIV ushbu shaxs AQSh Qurolli kuchlariga bevosita aloqadorligini qo‘shimcha qilgan.
TIV ushbu hodisani Rossiya transport obyektiga nisbatan provokatsiya uyushtirishga urinish sifatida baholamoqda.