TOShKENT, 3 mar – Sputnik. “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning Toshkentdan Sankt-Peterburgga uchgan samolyoti Pulkovo aeroportiga qo‘nish vaqti uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketdi, deb xabar qilmoqda milliy aviakompaniya matbuot xizmati.
“2 mart kuni moskva vaqti bilan soat 21:59 da O‘zbekiston havo yo‘llarining Boeing-767 UK67008 havo kemasi HY631-sonli Toshkent – Sankt-Peterburg –Toshkent parvozini amalga oshirish vaqtida, “Pulkovo” aeroportiga qo‘nganidan keyin, yerda boshqarish vaqti oldingi g‘ildiragi bilan qisman yo‘lakdan chiqib ketdi. Samolyot zarar ko‘rmagan, yo‘lovchilarni avariya holatida evakuatsiya qilish kerak bo‘lmadi”, - deyilgan avaiakompaniya xabarida.
Ushbu hodisaga sabab – ob-havo sharoiti va uchish-qo‘nish yo‘lagining holati, - deyilgan kompaniya xabarida. Voqea sodir bo‘lganda samolyot bortida 241 nafar yo‘lovchi 15 nafar ekipaj a’zolari bo‘lgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi va Rosaviatsiya “Pulkovo” aeroportida bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan tergov ishlari olib bormoqda.
O‘zbekiston havo yo‘llari, o‘z navbatida, HY632 sonli “Sankt-Peterburg – Toshkent” yo‘nalishida parvoz qilishi kerak bo‘lgan yo‘lovchilarni mehmonxonada joylashtirish chora tadbirlarini ko‘rmoqda.
Sputnik muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda Milliy aviakompaniya vakili yo‘lovchilarning bir qismi 13:15 da uchadigan parvoz bilan Toshkentga yuborilishini xabar qildi.
Yo‘lakdan chiqib ketgan Boeing-767 UK67008 samoleti qachon parvoz qilishi hozircha noma’lum, dedi kompaniya vakili.
Ushbu parvoz haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni qo‘yidagi raqamlar orqali olish mumkinligini xabar qilmoqda:
Sankt-Peterburgda: +7-911-780-00-11.
Toshkentda: +99878-140-28-01 (02, 03,04).
O‘zbekiston havo yo‘llari ushbu hodisa tufayli kutib qolishga majbur bo‘lgan yo‘lovchilardan uzr so‘raydi.