TOShKENT, 27 fev - Sputnik. Xalq ta’limi vazirligi Jizzax viloyati, Zafarobod tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisining vafoti bo‘yicha ba’zi ommaviy axborot vositalari ma’lumotlari yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Xabarda keltirilishicha, Jizzax viloyati, Zafarobod tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi B.B. mushtlashuv natijasida emas, balki yurak xastaligi tufayli vafot etgan.
12 yoshdagi B.B. Zafarobod tuman poliklinikasida tug‘ma yurak porogi tashxisi bilan dispanser nazoratida turgan. Shu sababli o‘quvchi jismoniy tarbiya darslaridan ozod etilgan bo‘lib, faqat nazariy bilimlari asosida baholangan.
OAV vakillari tarqatgan ma’lumotlarda, o‘quvchilar orasida chiqqan mushtlashuv paytida jarohat olgan, natijada kasalxonada halok bo‘ldi, deya izohlangan.
Ta’kidlanishicha, aslida, voqea unday bo‘lmagan. Maktabning 6-sinf o‘quvchilari 2-smenada o‘qishadi. Voqea esa ertalabki soat 10:40 larda sodir bo‘lgan. 2-smena esa soat 13:05 da boshlanadi. Voqea joyida biron-bir yuqori sinf o‘quvchilari ham, quyi sinf o‘quvchilari ham bo‘lmagan.
Shu kuni 6-sinfning bir guruh o‘quvchilari mahalliy stadionda o‘zlari olib kelgan koptok bilan futbol o‘ynashgan. O‘yin payti uzoqlashgan koptokning orqasidan chopib borgan B.B. yiqilgan. Mazkur voqeadan o‘quvchilar tomonidan xabar topgan maktab direktori o‘rinbosari tez tibbiy yordamiga xabar bergan. Yetib kelgan tez tibbiy yordami xodimi o‘quvchining vafot etganini ma’lum qilgan.
Yuqorida keltirilgan masala bo‘yicha maktab rahbariyatiga ommaviy axborot vositalarining hech biri murojaat qilmagan bo‘lsada, chop etilgan maqolalarda direktor bilan bog‘lanilgani to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatilgan.
“Xalq ta’limi vazirligi ayrim ommaviy axborot vositalarini yuz bergan fojiadan o‘zining manfaatlari yo‘lida foydalanib, tizimga oid asoslanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqiradi”, -deyiladi rasmiy bayonotda.