TOShKENT, 25 fev - Sputnik. Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida mineral o‘g‘itlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi, deb xabar qildi O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.
Xabarda qayd etilishicha, “Qarshi-G‘uzor” yo‘nalishida harakatlanayotgan fuqaro J.N. boshqaruvidagi “ISUZU” rusumli yuk avtomashinasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, avtomashina yukxonasida tegishli hujjatlari bo‘lmagan og‘irligi 10,2 tonna ammiakli selitra mineral o‘g‘iti noqonuniy ravishda olib ketilayotganligi aniqlanadi.
Shundan so‘ng, Chiroqchi tumanida o‘tkazilgan tadbir davomida “Chiroqchi-Samarqand” yo‘nalishida harakatlanayotgan fuqaro G‘.O. boshqaruvidagi yuk avtomashinasida 7,5 tonna ammiakli selitra mineral o‘g‘iti noqonuniy ravishda olib ketilayotganligi fosh etildi.
Shuningdek, fuqaro E.A boshqaruvidagi “Isuzu” yuk avtomashinasini belgilangan tartibda tekshirish jarayonida ushbu shaxs 50 kilogrammli qoplarda shakar olib ketayotganligini ma’lum qildi. Biroq, bojxonachilar umumiy qiymati 10,5 million so‘mlik 7,5 tonna “sulfat ammoniya” mineral o‘g‘itlarini ashyoviy dalil sifatida olishdi.
Hozirda yuqorida keltirilgan holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.