TOShKENT, 23 fev - Sputnik. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki "aniq bir shaxs" tomonidan xabar berilgan hamda tasdiqlanmagan holatlarni bo‘rttirib yozish, umumiy gaplar bilan aniq faktlarga asoslanmasdan yolg‘on ma’lumotlar tarqatish holatlari ko‘payib borayotgani to‘g‘risida rasmiy bayonot e’lon qildi.
Ichki ishlar vazirligi matbuot-xizmati dalil tariqasida internet tarmoqlarida "Ichki ishlar xodimi dardini to‘kib sochdi" sarlavhasi bilan tarqatilgan maqolani misol qiltirgan. Maqolada jinoyatchilikni yashirish ommalashgani haqida so‘z yuritilgan.
"Bu fikr mutlaqo noto‘g‘ri, chunki ayni vaqtda ichki ishlar organlari navbatchilik qismlariga o‘rnatilgan telefonlar kompyuterga maxsus dastur orqali ulangan va har bir berilgan xabar avtomatik tarzda ro‘yxatga qo‘yiladi. Shuning uchun jinoyatni yashirishning umuman imkoni yo‘q", - deyiladi rasmiy munosabatda.
Maqolada keltirilgan "jinoyatni fosh etish uchun xodimlarda tajriba, zamonaviy texnikalar, xizmat avtotransport vositalari yetishmasligi" haqidagi gaplarni ham IIV inkor etib, aslida tajribali xodimlar ichki ishlar organlarida juda ko‘p, jinoyatlarni fosh etishda ularning amaliy mehnat faoliyati katta rol o‘ynayotganini ta’kidlab o‘tgan.
"Bugungi kunda xorijiy va qo‘shni davlatlar ichki ishlar tizimlari xodimlari bilan tajriba almashish yuzasidan samarali muhim uchrashuvlar, seminarlar o‘tkazilib, ijobiy natijalarga erishilmoqda. So‘nggi yillarda tizimga respublika rahbariyati tomonidan katta e’tibor berilib, xodimlar uchun zamonaviy binolar qurildi va foydalanishga topshirildi. Tezkorlikni oshirish maqsadida, tashqi xizmatlar jahon standartlariga javob beradigan aloqa vositalari, gumonlanuvchining shaxsni aniqlash imkoniyatini beruvchi mobil qurilmalar bilan ta’minlandi. Hammaning xabari bor, Davlat rahbarining tashabbuslari bilan respublikada xizmat olib borayotgan barcha profilaktika inspektorlari imtiyozli kredit asosida avtomashinalarga ega bo‘ldilar, o‘z xizmat hududlarida ularga xizmat uylari ajratildi. Boshqa yo‘nalishlarda xizmat olib borayotgan xodimlar ham yangi xizmat avtomashinalari bilan bosqichma-bosqich ta’minlanmoqda", - deyiladi IIV bayonotida.
Huquq-tartibot organi shu o‘rinda Andijon viloyati IIB rahbariyati tomonidan jinoyatni hisobdan yashirish holatlarini aniqlash va aybdorlarga nisbatan keskin kurash olib borilayotganini ma’lum qilgan. Ta’kidlanishicha, amalga oshirilgan ishlar natijasida 2018-yilda Andijon viloyati bo‘yicha jinoyatni hisobdan yashirgan 3 nafar xodim aniqlanib, jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ulardan biriga nisbatan sud hukmi bilan tegishli jazo tayinlangan va qolgan 2 nafariga nisbatan to‘plangan hujjatlar sudda ko‘rib chiqilmoqda.
"Kelgusida ham jinoyatni hisobdan yashirgan xodimlarni aniqlash va ularga nisbatan keskin choralar ko‘rish ishlari tizimli davom ettiriladi", - deya va’da qiladi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi.