TOSHKENT, 21 fev – Sputnik. 20 fevral kuni 16 yoshli 10-sinf oʻquvchisi maktabga oʻzi bilan birga pnevmatik pistolet, pnevmatik gazli balon va himoya maskasi olib kelgan.
“Yunusobod tumanida joylashgan 10-sinf oʻquvchisi maktabga oʻzi bilan birga pnevmatik pistolet, pnevmatik gazli balon va himoya maskasi olib kelgan”, - deb maʼlum qilishdi Toshkent IIBBda.
Ushbu holat profilaktika inspektori tomonidan tanaffus vaqtida oʻquv sumkalarini tekshirganida aniqlangan.
“Oʻquvchining sumkasidan MINI UZI IWI rusumli pnevmatik pistolet, glushitel, 4 dona pnevmatik gazli balon, 1 dona qurol uchun magazin, shuningdek, 1,5 mingga yaqin metalldan yasalgan zoldirlar va 1 dona safari rangli himoya maskasi topilgan”, - deyilgan xabarda.
Sputnik Oʻzbekiston muxbiri bu holat yuzasidan izoh olish maqsadida huquq tartibot organlariga murojaat qildi.
IIBBda maʼlum qilishicha, bunday qurol sport doʻkonlarda sotilishi va uni xarid qilish uchun ruxsatnoma kerak emas.
IIBB xodimlari tomonidan oʻsmir va uning ota-onasi bilan profilaktik suhbat oʻtkazildi.