TOShKENT, 20 fev – Sputnik. Bugun, 20-fevral kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligida general-mayor Baxodir Kurbanov va Amerika Qo‘shma Shtatlari Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonlik qo‘mondoni general Jozef Votel muzokaralar o‘tkazdi.
"Uchrashuvda mudofaa sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati muhokama qilinib, harbiy ta’lim va mudofaa sohalarida istiqboldagi rejalar belgilab olindi. O‘zaro manfaatli hamkorliklarni kuchaytirish borasida fikrlar almashildi", - deyilgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi xabarida.
Suhbatda mamlakatlar o‘rtasida harbiy sohada hamkorlik yo‘nalishlarida o‘sish sur’atlari ortib borayotgani alohida ta’kidlandi.
AQSh tomoni harbiy va harbiy-texnika sohasida, shuningdek, mintaqada xavfsizlikni ta’minlash borasidagi dolzarb masalalariga va O‘zbekiston—Amerika mudofaa idoralari o‘rtasidagi kelishuvlarga O‘zbekiston alohida e’tibor qaratayotganini e’tirof etdi.
Uchrashuv davomida Afg‘onistondagi vaziyatni o‘nglash, xalqaro terrorizmga barham berish hamda mintaqada tinchlikni barqaror ushlab turish bo‘yicha fikrlar almashildi.