TOShKENT, 18 fev – Sputnik. 2019-yilning 17-18-fevral kunlari Doxa shahrida O‘zbekiston-Qatar munosabatlarining shartnoma-huquqiy bazasini kengaytirish va uning inventarizatsiyasi bo‘yicha ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekisiton TIV matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, muzokaralar chog‘ida turli jabhalardagi ikki tomonlama hamkorlik huquqiy asoslarining hozirgi holati va uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi, Qatar bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” bandlarini amalga oshirishning borishi hamda joriy yilda o‘tkaziladigan uchrashuvlar va tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot almashildi.
“Xususan, aviatashuvlar va o‘simliklar karantini sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlarning loyihalari kelishib olindi”, - deyiladi xabarda.
Maslahatlashuvlar doirasida Qatar vazirlik va idoralari ekspertlari bilan alohida muzokaralar o‘tkazilib, investitsiya, transport, soliq, bojxona, qishloq xo‘jaligi va madaniyat sohalaridagi kelishuvlarning loyihalari muhokama qilindi.
Shuningdek, investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish va rag‘batlantirish hamda ikki yoqlama soliqqa tortishni bartaraf etish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimlarning loyihalarini muvofiqlashtirish va imzolashga tayyorlash borasida ham kelishib oldilar.