TOShKENT, 15 fev - Sputnik. O‘zbekiston hukumati “Toshkent metropolitenining Sergeli yo‘nalishini qurish” loyihasining texnik-iqtisodiy hisobini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi, deb xabar qildi LexUZ.
Hujjatda keltirilishicha, loyihaning umumiy qiymati 82,6 million dollarni tashkil etadi va uni amalga oshirish uchun davlat budjetidan 47,5 million dollar, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 35,1 million dollar ajratiladi.
Xususan, 27,9 million dollar mashina va uskunalarga, 48,2 million dollar qurilish-montaj ishlariga sarflanadi. Moliyaviy harajatlar uchun 2,1 million dollar va qolgan harajatlar 4,3 million dollarga baholangan.
2017 yilda Toshkent metropolitenining Sergeli yo‘nalishi qurilishlari boshlangan, umumiy uzunligi 7,1 kmni tashkil etadi.
Avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan “Metrovagonmash” AJ (Rossiya) qiymati 27,7 million yevro bo‘lgan 5 ta sostav vagonlarini xarid qilishni rejalashtirayotgani xabar qilingan edi.