TOShKENT, 8 fev - Sputnik. Toshkentning Yunusobod tumanida bo‘g‘ib o‘ldirilgan maktab o‘quvchisi bilan bog‘liq qotillik ishining yangi tafsilotlari e’lon qilindi.
Avvalroq juma, 7-fevral kuni, poytaxtning 246-sonli umumta’lim o‘rta maktabi 9-sinf o‘quvchisining jasadi u istiqomat qilgan uyda topilgani haqida xabar bergan edik.
Aniqlanishicha, qiz bo‘g‘ib o‘ldirilgan.
Tergov–tezkor chora-tadbirlar natijasida, ushbu jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan 20 yoshli E.A. ushlangan.
Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, qo‘lga olingan shaxs – o‘ldirilgan qizning o‘gay akasi bo‘lib chiqqan. Dastlabki xabarlarga ko‘ra, u ushbu qotillikni o‘zaro janjal chog‘ida sodir etgan.
Toshkent prokuraturasi mazkur qotillik yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atgan.
Hozirda jinoyatning sodir etilishi sabablari aniqlanmoqda.