TOShKENT, 13 fev – Sputnik. GM Uzbekistan AJ va “O‘zagrosug‘urta” AJ avtomobil xarid qilish istagida bo‘lgan mijozlarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida jismoniy shaxslarga Chevrolet Malibu va Tracker avtomobillarini muddatli to‘lov orqali sotib olish bo‘yicha yangi xizmatni ishlab chiqdi, deb xabar qilmoqda GM Uzbekistan matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, endilikda xaridor Tracker avtomobili puliga (215 mln so‘m) Malibu, Lacetti puliga esa (128 mln so‘m) Chevrolet Tracker xarid qilishi mumkin.
Yangi sug‘urta turi Chevrolet Malibu va Chevrolet Tracker avtomobillari uchun aynan ushbu miqdordagi dastlabki to‘lovni amalga oshirib, ushbu avtomobillarning egasiga aylanish imkonini beradi. Avtomobilning qolgan summasi 12 oy davomida foizsiz bo‘lib to‘lanadi.
Aksiya 14-fevraldan 1-martga qadar amal qiladi. Aksiya bo‘yicha ajratilgan avtomobillar soni chegaralangan. Qayd etish joizki, mazkur aksiyada faqat dilerlarda mavjud bo‘lgan ushbu modeldagi avtomobillar ishtirok etadi.
Shartnoma tuzilgan vaqtda “O‘zagrosug‘urta” mutaxassislari o‘sha joyning o‘zida muddatli to‘lovga berilayotgan summaning 3% miqdorida moliyaviy xatardan, shuningdek muddatli to‘lov summasining garov qiymatidan 1% miqdorda sug‘urta polisini rasmiylashtiradi. Avtomobil uchun to‘liq to‘lov amalga oshirilmaguniga qadar dilerda garovda bo‘ladi. Oylik to‘lovlar shartnoma tuzilgan sanadan keyingi oyning har 15 sanasigacha amalga oshirilishi lozim.
Qayd etish joizki, shartnoma muddati va to‘lov shartlari buzilishga yo‘l qo‘yilgan taqdirda kelishuv bekor qilinadi.