TOShKENT, 12 fev — Sputnik. "Amerikaga o‘lim" shiori Donald Tramp, uning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton va Davlat kotibi Mayk Pompeo singari siyosatchilarga qarshi yo‘naltirilgan, deb bayonot qildi Eron oliy yetakchisi imom Ali Xumayniy.
"Amerikaga o‘lim" Tramp, Jon Bolton va Pompeoga o‘limni anglatadi, ayni vaqtda Amerikaga rahbarlik qilib turgan ushbu rahbarlar yo‘qolsin, degan ma’noni anglatadi!", - deya iqtibos keltiradi Xumayniydan uning rasmiy sayti.
Eron oliy yetakchisi ta’kidiga ko‘ra, bu shiorning oddiy amerikaliklarga hech qanday dahli yo‘q, ammo toki "qabihlik va yovuzlik" AQShga xos ekan, bu shior o‘z dolzarbligini yo‘qotmas ekan.
Xumayniy bu bayonotlarni islom inqilobi g‘alabasining 40-yilligini nishonlashga bag‘ishlangan Eron HHK qo‘mondonlik tarkibi bilan uchrashuvi vaqtida aytgan.
Eron islom inqilobi vaqtida "Amerikaga o‘lim" shiori monarxiyaga qarshi harakat ishtirokchilarining asosiy shiorlaridan biri bo‘lgan.
1979 yilda yuz bergan inqilob natijasida Pahlaviylar sulolasi taxtdan ag‘darilgan va Eronda Islom Respublikasi o‘rnatilgan.
Islom inqilobi g‘alabasi har yili fevral oyi boshida nishonlanadi.
Eslatib o‘tamiz, 11-fevral kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom inqilobi g‘alabasi kuni munosabati bilan Eron Islom Respublikasi prezidenti Hasan Ruhoniyga tabrik yo‘llagan edi.