TOShKENT, 11 fev – Sputnik. 2019-yil 8-fevral kuni Jizzax viloyatining Sh.Rashidov tumanida yashovchi M.P. (ayol) o‘z uyida oila a’zolari bilan birgalikda uy sharoitida tayyorlangan pomidor mahsulotini (tuzlama) iste’mol qilgan va natijada 8 nafar kishi zaharlangan.
Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, ularning 5 nafariga kasalxonada tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan. Uch nafari kasalxonaga yotqizilgan. Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
“Hurmatli fuqarolar, uy sharoitida tayyorlangan tuzlama mahsulotlarini iste’mol qilishda hamisha hushor bo‘ling, avvalo uning iste’molga yaroqlilik holatiga alohida e’tibor qarating!” - deyilgan xabarda.