TOShKENT, 8 fev – Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining konsullik-huquqiy departamenti ushbu masala yuzasidan bayonot berdi.
“O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi 2019-yilning 5-yanvarida mamlakatimiz fuqarosi Otabek Boltayevning Moskva shahridagi fojiali o‘limi va buning ortidan OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab chiqishlar bo‘lgani oqibatida paydo bo‘lgan vaziyatdan xabardor”, - deyilgan bayonotda.
Bayonotida aytilishicha, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Konsullik bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, marhumning qarindoshi sifatida o‘zini tanishtirgan Bahodir Ahmedov 2019-yilning 9-yanvarida, ya’ni Elchixonaga murojaat qilishidan bir kun avval (O.Boltayev ishlab kelgan) “Jilishnik Presnenskogo rayona” davlat budjet korxonasi rahbariyatidan transportirovka va dafn uchun 100 ming rubl (1,5 ming AQSh dollariga yaqin) mablag‘ni imzo qo‘yib olgan. Bu holatda ritual xizmatlar va aviatashish xizmati narxi 50 mingdan 100 ming rublgacha miqdorni tashkil etadi.
Bundan tashqari, “Jilishnik Presnenskogo rayona” davlat budjet korxonasi direktori I.N.Kostin buyrug‘iga ko‘ra, O.Boltayevning rafiqasi — Sh.Boltayeva nomiga B.Ahmedov tomonidan taqdim etilgan bank kartochkasiga 250 ming rubl miqdoridagi birdan to‘lanadigan moddiy yordam o‘tkazib beriladi.
TIV bayonotiga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksining 220-, Fuqarolik kodeksining 1084- va 1088-moddalariga binoan, mehnat vazifalarini bajarayotgan chog‘da sog‘ligiga ziyon yetkazilgan shaxslarning ko‘rgan zararlarini qoplash ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Shunday qilib, B.Ahmedov Elchixonaga murojaat qilishdan avval O.Boltayevning jasadini jo‘natish uchun yetarli mablag‘ga ega bo‘lgan va uning moliyaviy qiyinchiliklar borasidagi vajlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
“Elchixonaning konsullik bo‘limi O.Boltayevning qarindoshlari tomonidan yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan summalarning olinganligi yoki boquvchisining yo‘qotilganligi sababli ish beruvchi tomonidan yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish, shuningdek, xavfsizlik texnikasi yetarli darajada ta’minlanmagani uchun aybdorlarni jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha (Rossiyada mavjud qonunchilikka muvofiq) huquqni muhofaza etuvchi organlarga ariza berishgani haqida axborotga ega emas.
O.Boltayevning oila a’zolari yoki ularning qonuniy vakili rasmiy murojaat qilgan taqdirda O‘zbekiston TIV konsullik-huquqiy departamenti ularning qonuniy huquqlari va marhumning oilasining manfaatlarini himoya qilishga tayyorligini bildiradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018-yil 5-iyuldagi PQ–3839 sonli “O‘zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qoshida xorijda mehnat faoliyati olib borayotgan fuqarolarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash fondi tuzilgan.
Mazkur hujjat bilan mehnat migratsiyasi davrida vafot etgan o‘zbekistonlik fuqarolarning jasadlarini tashib keltirish bo‘yicha xarajatlar o‘sha Fond tarafidan qoplab berilishi nazarda tutilgan”, - deyiladi departament xabarida.