TOShKENT, 10 sen — Sputnik. Favqulodda vaziyatlar, Tashqi ishlar, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklaring hamkorlikdagi harakatlari natijasida 9-sentabr kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning Moskva—Urganch yo‘nalishi bo‘yicha YTH oqibatida vafot etgan fuqarolar O‘zbekistonga olib kelindi va dafn marosimini o‘tkazish uchun yaqin qarindoshlariga topshirildi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar qildi.
6 sentabr kuni Rossiyaning Lipesk viloyati Dubrovskiy tumanida Toyota RAV4 mashinasi qarama-qarshi tomondan kelayotgan VAZ 2106 bilan to‘qnashishi oqibatida VAZ avtomobili ichida bo‘lgan 5 nafar o‘zbekistonliklar - Mavlonbek Axmedov (1986 y.t), Mirzabek Sapayev (1990), Narimon Samandarov (1984), Javlonbek Adambayev (1983) va Azizbek Allaberdiyev (1983) vafot etgan.
Toyota mashinasi rulida bo‘lgan davlat avtoinspeksiyasi xodimi og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Aynan qaysi avtomobil yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketgani Lipesk ichki ishlar boshqarmasi tomonidan aniqlashtirilmoqda.