TOShKENT, 6 fev - Sputnik. Jangarilar safida 20-yildan ortiq vaqt yashagan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytdi, deb xabar qilindi "O‘zbekiston-24" telekanalida.
Sujetda aytilishicha, 1997-yil Zumrad Ollaberganova, erining va’dalariga ishonib, O‘zbekistondan chiqib ketgan va "O‘zbekiston Islom harakati" xalqaro terroristik tashkilotining jangarilarni tayyorlovchi lageriga yo‘l olgan.
1997 yildan 2018-yillarga qadar u terroristik tashkilotning "ayollar qanoti"da bo‘lgan, jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun tayyorgarlikdan o‘tgan, Tojikiston, Afg‘oniston va Pokiston davlatlarida bo‘lgan.
Eng dahshatlisi, terroristik tashkilot faoliyatiga u o‘z dilbandi Muhammadoqub Ollamovni ham jalb qilgan. Bolaga sodir bo‘layotgan voqealarni videoga olish, ularni Internetga joylashtirish va bu orqali odamlarda tashkilotga nisbatan qiziqishni orttirish va shu yo‘l bilan tashkilot a’zolari safini kengaytirish vazifasi yuklatilgan.
Juda yosh bo‘lgan Muhammadoqub terroristik tashkilot tarkibida Pokiston hukumat qo‘shinlariga qarshi olib borilgan janglarda halok bo‘lgan.
Ayolning turmush o‘rtog‘i Norbek Ollamov 1999-yilda bir guruh jangarilar bilan Angrenga hujum qilgan vaqtda yo‘q qilingan. Zumrad Ollaberganova 2000-yilda shariat qonunlariga muvofiq boshqa jangari - Baxtiyor Navruzmatov bilan turmush quradi va qizi Sumayani dunyoga keltiradi.
Shundan so‘ng Zumrad Ollaberganova, boshqa ayollar singari Pokistonning Vana qishlog‘i (Janubiy Vaziriston)ga ko‘chiriladi. Bu yerda u yana bir qizi - Sojidani dunyoga keltiradi. Bunday shart-sharoitlarda yashash nafaqat ayol, balki uning farzandlari uchun ham do‘zaxga aylanadi.
"Ularning maqsadlari haqida xabar topganimdan keyin men Vatanga qaytish yo‘llarini izlay boshladim, qarindoshlarim bilan aloqaga chiqdim. So‘ngra yana kurash va urushlarga to‘lgan og‘ir hayot boshlandi. 2015-yilda biz bu guruh bilan Afg‘onistonga qaytdik. Agar kimdir qaytish haqidagi xohish-istagini aytgudek bo‘lsa, ularni shu jryning o‘zida otib tashlashar yoki bolalarini tortib olishar edi. Xudoga shukrki, 2018-yilning iyulida biz bolalarimiz bilan O‘zbekiston konsulligiga murojaat qildik va pushaymonligimizni yetkazdik", - deb aytgan ayol.
Chegarani kesib o‘tgan va farzandlari bilan eson-omon O‘zbekistonga yetib kelgan ayol allaqachon o‘z xatolarini anglagan. Endilikda uning oldida turgan asosiy ish - jamiyatga, sog‘lom hayot tarziga qaytish.
Olti nafar voyaga yetmagan farzandning onasi ekanligini inobatga olib, qolaversa xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan berilgan kafillik xatlari tufayli o‘z xatosiga chin dildan iqror va pushaymon bo‘lgan ayolga nisbatan ozodlikdan cheklash qarori chiqarilgan.