TOShKENT, 6 fev - Sputnik. O‘zbekistonda yaqin kelajakda nikoh shartnomalari barcha yangi oilalar uchun majburiy bo‘lishi mumkinligi haqida xabar tarqalgan edi. Rossiyalik advokat Filipp Demenkov er-xotinni nikoh shartnomasini tuzishga majburlash yaxshilik bilan yakun topmasligi mumkinligini aytmoqda.
"Agar mamlakatda er-xotin uchun nikoh shartnomasi majburiy etib belgilanadigan bo‘lsa, u holda oila kodeksidagi tenglik prinsipidan voz kechish kerak bo‘ladi. Ya’ni bu oila kodeksini to‘laligicha qayta ko‘rib chiqish, o‘zgartirish va umuman olganda oila institutini ham to‘liq qayta ko‘rib chiqilishiga olib kelishi mumkin. Erkak va ayolni qonunan nikoh shartnomasini tuzishga majbur etish - yaxshilikka olib kelmaydi. Chunki har qanday shartnoma singari nikoh shartnomasini ham da’vo orqali sudda qayta ko‘rib chiqish mumkin", - deydi ekspert.
Demenkovning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda er va xotin tomonidan birgalikda orttirilgan mol-mulk borasida savollar tug‘ilishi va bu keskin e’tirozlarga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki o‘rtada ulushlar tengligi to‘g‘risida masala o‘rtaga tashlanishi mumkin.
Ekspert shuningdek, O‘zbekistonda nikoh shartnomasini joriy etishga - majburiyatni kuchaytirish deya qaralayotgani ham xalqaro amaliyotga unchalik to‘g‘ri kelmasligini bildirdi. Sababi, xalqaro amaliyotda nikoh shartnomasiga majburiyat yuki deb emas, balki imkoniyat sifatida qaraladi.
Ya’ni shartnoma - keyinchalik yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ayrim masalalarni to‘liq bartaraf etish uchun imkoniyatdir.
Advokat Demenkov Rossiya qonunchiligidan misol keltirar ekan, bu yerda hech kim hech kimni nikoh shartnomasini tuzishga majbur eta olmasligini qo‘shimcha qildi.