TOShKENT, 1 fev - Sputnik. 2019 yilning 1-fevral kuni Adliya vazirligi huzuridagi eng yangi IT-texnologiyalari va raqamli uskunalar bilan jihozlangan Axborot-tahlil multimedia markazi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tantanali ochilish marosimida mamlakat parlamenti, sud-huquq sohasining yetakchi vakillari, turli vazirlik va idoralar rahbarlari, mahalliy va xorijiy OAV, shuningdek, keng jamoatchilik ishtirok etdi.
O‘zbekiston prezidentning "Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida"gi farmoni bilan Adliya vazirligi oldiga qo‘yilgan dolzarb vazifalar ijrosi doirasida markaz o‘z faoliyatini mutlaqo yangi formatda davom ettiradi. Muhim mezonlar sifatida jamoa sifat, tahlil, kreativ yondashuv va innovatsion yechimni belgilab olgan.
Shu bilan birga, ushbu markaz mazkur Farmon bilan Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi hamda Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini 2019-yilda samarali amalga oshirish bo‘yicha tasdiqlangan "Yo‘l xaritasi"da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib belgilab olgan.
Multimedia markazida ijod qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Maxsus dekoratsiyali va zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan bir nechta studiya faoliyat yuritib, ularga mamlakatimizning yetakchi telekanallari ham havas qilsa arziydi. Bu yerda tok-shou va turli formatdagi dasturlarni suratga olish mumkin.
Ommaviy axborot vositalari bilan muloqot qilish, jumladan yuzma-yuz interaktiv uchrashuvlar, brifing va matbuot anjumanlari o‘tkazish uchun maxsus media maydonchalar yaratilgan. Markazni texnik jihatdan jihozlash — LED-ekranlar, kameralar, yoritgichlar, ko‘p funksiyali ovoz yozish tizimi va boshqa apparatura jamoaga eng dadil media loyihalarni amalga oshirish, xususan hujjatli filmlarni suratga olish imkonini beradi.
Adliya vazirligi huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi o‘z oldiga qanday vazifalarni qo‘ymoqda?
Birinchidan, huquqiy ma’rifat. Aholining huquqiy savodxonligi darajasi davlat va jamiyatning rivojlanganlik darajasini belgilab beradi. Dunyo amaliyoti aholining huquqiy bilimlarini oshirish huquqiy normalarga rioya etmaganlik uchun qat’iy jazo qo‘llashdan ko‘ra samaraliroq ekanligini ko‘rsatmoqda. Multimedia markazi qonun hujjatlarining mazmuni va mohiyatini oddiy va xalqchil tilda, murakkab yuridik atamalardan foydalanmagan holda tushuntirishga e’tibor qaratib, bu jarayonda vizual effektlar va infografidan foydalanmoqda.
Ikkinchidan, ishonchli ma’lumot taqdim etish. So‘nggi yillarda internet yangiliklarni tarqatuvchi eng ommabop manba hisoblanadi. Biroq har doim ham Internetdan olingan ma’lumotlarga ishonsa bo‘ladimi? Adliya vazirligi huzuridagi multimedia markazi bunday vaziyatlarda OAV va Internet orqali tarqalayotgan yolg‘on, noto‘g‘ri ma’lumotlarga tezkorlik va xolis munosabat bildirishga o‘z e’tiborini qaratadi. Axborot oqimini tahlil qilish ma’lumotlarni tekshirish, ishonchli va obyektiv axborot, ushbu masalalar bo‘yicha vakolatli mutaxassis va ekspertlar sharhlarini taqdim etish hamda aholi o‘rtasida uydirma gaplar va mish-mishlarning oldini olish imkonini beradi.
Uchinchidan, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik uchun adliya organlari va muassasalari faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlash. Bu jarayonda nafaqat adliya organlari faoliyatining o‘ziga xos jihatlarini ochib beruvchi, balki jamoatchilikka davlat xizmatlaridan foydalanish tartibiga doir konsultativ yordam ko‘rsatishga qaratilgan axborot-tahliliy va sharhlarga asoslangan media materiallar tayyorlanib, efir va ijtimoiy tarmoqlarga uzatiladi. Bunda asosiy e’tibor ko‘rgazmalilik, oddiylik, qabul qilinayotgan ma’muriy reglamentlar talablarining xalqchilligi va sodda tilda tushuntirilishiga qaratilmoqda.
Aholini davlat organlari va davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi boshqa tashkilotlar faoliyatini o‘rganish natijalari, aniqlangan qonunbuzilish xolatlari va tizimli kamchiliklar haqida tayyorlanadigan audio- va videoroliklar, tele- va radioeshittirishlar xabardor etishga qaratilganligi bilan ahamiyatli. Aybdor shaxslarga nisbatan qo‘llangan choralar va arizachilarning tiklangan huquqlari haqidagi mediamateriallar katta profilaktik ta’sirga ega bo‘lib, aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchini ortishiga xizmat qiladi.
To‘rtinchidan, aholining barcha qatlamlari bilan muloqot o‘rnatish. Buning uchun multimedia markazi mutaxassislari vazirlikning mas’ul xodimlari bilan birgalikda respublikamiz aholisining ehtiyoji, jumladan vazirlikning 1008 raqamli “ishonch telefoni”ga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili natijalari, ijtimoiy tarmoqlar va mobil ilovalar imkoniyatlaridan foydalangan holda eng dolzarb muammolar bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganmoqda.
Masalan, korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolarning huquqiy onggi va bilimini oshirish, qabul qilingan qonun hujjatlarining dolzarbligidan xabardor etishga qaratilgan 30 dan ortiq ijtimoiy rolik, Jizzax, Farg‘ona, Namangan, Sirdaryo kabi viloyatlardan Adliya vazirligiga inson huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida kelib tushgan murojaatlari asosida 40 dan oshiq maxsus reportaj va ko‘rsatuvlar, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan yangiliklarni aholi va ijrochilarga yetkazishga qaratilgan “Muhokama markazida” tok-shousining turkum sonlari tayyorlandi. Asosiysi – muammoli masalalar adliya organlari aralashuvidan so‘ng barham topdi.