TOShKENT, 31 yanv - Sputnik. Toshkentda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun va jarimani o‘z vaqtida to‘lamagan haydovchilarni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirning ilk kunida 26 ta transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirildi, deb xabar qildi Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.
30 yanvar kuni Toshkent yo‘llarida YHXB inspektorlari tomonidan 467 transport vositasi to‘xtatildi, ulardan 389 nafar haydovchilar “joyida” bankning eng yaqin filialida jarima to‘lashdi. Tadbirning ilk kunida jami 71.5 mln so‘m jarima undirildi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar IIBB YHXB, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi MIB xodimlari bilan hamkorligida yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun jarimani o‘z vaqtida to‘lamagan haydovchilarni aniqlash va ularning avtotransport vositalarini jarima maydonchalariga kiritish tadbirlari boshlangan edi.
Agar haydovchi jarima solish to‘g‘risida qaror chiqarilgan kundan e’tiboran 60 kun davomida jarima to‘lamasa, uning transport vositasi jarima to‘liq to‘languniga qadar ushlab turiladi. Mazkur chora O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 291-moddasida (Transport vositalarini ushlab turish va ko‘rikdan o‘tkazish asoslari va tartibi) ko‘zda tutilgan.