TOShKENT, 3 yanv - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 1 yanvar kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi lavozimini bajarishga kirishgan Vladimir Norovni qabul qildi.
Respublika rahbari O‘zbekiston vakilining bunday yuqori va mas’uliyatli lavozimga tayinlanishini tarixiy voqea deb atadi. Xalqaro tashkilot rahbarligiga ilk bor o‘zbekistonlik tayinlandi.
Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatiga yuqori baho berdi, qator chet el davlatlari va xalqaro tuzilmalar ShHT bilan sheriklik munosabatlarini o‘rnatishga qiziqish bildirishayotganini qayd etdi. U shuningdek, tashkilot doirasida ulkan hali foydalanilmagan hamkorlik potensiali mavjudligiga alohida e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston ShHT bilan xavfsizlikni ta’minlash, savdo, iqtisod, investitsiya, trasport kommunikatsiyalari, turizm, qishloq xo‘jaligi va mintaqalararo hamkorlik sohalarida hamkorlikni rivojlantirishni o‘zining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olgan.
Prezident, shuningdek, ShHT doirasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha izchil qadamlar amalga oshirilayotganini qo‘shimcha qilgan. Masalan, Toshkentda ShHT xalq diplomatiyasi markazi ta’sis etilgan, Samarqandda "Ipak yo‘li" xalqaro turizm universiteti tashkil qilinmoqda.
Mirziyoyev Norovga faoliyati sermahsul kechishini va ShHT bosh kotibi singari mas’uliyatli lavozimda omadlar tiladi.