TOShKENT, 25 yanv – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi Davlat raqobat qo‘mitasining qimmatli qog‘ozlar bozorini va Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysini tartibga solish, shuningdek, korporativ boshqaruvni rivojlantirish borasidagi barcha huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Agentlik o‘z faoliyatida bosh vazirga bo‘ysunadi hamda fond birjalarining faoliyatini, qimmatli qog‘ozlar bozoridagi faoliyatni va lotereyalar tashkil etish faoliyatini litsenziyalovchi organ hisoblanadi.
Qaror bilan, budjetdan tashqari Kapital bozorini rivojlantirishga ko‘maklashish jamg‘armasi tashkil etildi.
2019 yil 1-sentabrgacha qonun hujjatlariga qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, shuningdek, Agentlikning ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan jarimalar qo‘llash va ma’muriy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha Qonun ishlab chiqiladi.
2019 yil 20-dekabrgacha Kapital bozorini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi.