TOShKENT, 24 yanv – Sputnik. Moliya vazirligi “Paxta xom ashyosi ishlab chiqaruvchilarning tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini tayyorladi.
Hujjatga paxta xom ashyosini ishlab chiqaruvchilarning tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risidagi Nizom ilova qilingan.
Qaror loyihasida quyidagilar nazarda tutilgan:
- O‘zbekiston fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda har yili 1-mayga qadar kelgusi yilda g‘o‘za yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha loyihalar xarajatlari hisob-kitobi prognoz ko‘rsatkichlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoplash bo‘yicha asoslangan talabnomalarni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga taqdim qilish;
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi tegishli vazirliklar, idoralar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan g‘o‘za yetishtirishda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish bo‘yicha hisob kitoblarning asoslanganligini o‘rganib chiqib kerakli mablag‘lar ajratish uchun Suv xo‘jaligi vazirligi bilan kelishgan holda asoslangan hisob kitoblarni 2019-yilning 1-apreligacha va keyingi yillarda kalendar yilning 1-iyunigacha Moliya vazirligiga taqdim etib borilishini ta’minlash;
- Moliya vazirligi 2019-yilda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan taqdim etilgan hisob-kitoblarga asosan paxta xom ashyosini ishlab chiqaruvchilarning tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun zarur mablag‘larni hosildorligi past bo‘lgan yerlarda davlat ehtiyojlari uchun paxta xom ashyosi yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mablag‘lari hisobidan ajratilishini ta’minlash.
“Tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning umumiy summasidan qatiy nazar, texnologiyalar joriy etilgan maydonning har bir gektari uchun bir martalik 8 mln.so‘mdan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan subsidiyalar ajratiladi”, - deyilgan hujjat loyihasida.
Shuningdek, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda har yili 1-martga qadar kelgusi yilda g‘o‘za yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish istagini bildirgan paxta xom ashyosi ishlab chiqaruvchilarning ro‘yxatini shakllantiradi.