TOShKENT, 31 okt - Sputnik. “2019-2023 yillar davrida paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Ushbu qaror bilan paxta xomashosi yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarni joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash Respublika ishchi guruhi tarkibi tasdiqlanishi mumkin.
Respublika ishchi guruhi tomchilatib sug‘orish tizimlari uskunalari va butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar ro‘yxatini shakllantirish; tomchilatib sug‘orish tizimlari uskunalari va butlovchi qismlarini ishlab chiqarishga talab qilinadigan polietilen granulasi miqdorini aniqlash, belgilangan tartibda kvota ajratishni va imtiyozli narxlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida berishni tashkil qilish hamda ajratilgan polietilen granulasidan maqsadli foydalanish bo‘yicha monitoring o‘rnatish; tomchilatib sug‘orishda ishlatiladigan import va ishlab chiqariladigan mahsulotlar turiga zarur texnik talablar belgilashni tashkillashtirish vazifalari bilan shug‘ullanishi belgilangan.
Qaror loyihasida qayd etilishicha, 2019-2023 yillar davrida zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimlari:
- paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishi tashkilotchilari va klasterlari hamda boshqa paxta xomashosini yetishtiruvchi tashkilotlar tomonidan ularga paxta yetishtirish uchun berilgan maydonlarda;
- fermer xo‘jaliklari tomonidan ularga ijaraga berilgan yer maydonlarida bosqichma-bosqich joriy qilinadi.
Tijorat banklari tomonidan klasterlar, fermer xo‘jaliklari va paxta xom ashyosini yetishtiruvchi boshqa tashkilotlar hamda tomchilatib sug‘orish tizimlari, ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga ajratilgan tijorat banklari kreditlarining foizlarini qoplash uchun davlat tomonidan belgilangan tartibda subsidiyalar ajratish ko‘rsatilgan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi shu yil 1-dekabrga qadar resurstejamkor texnologiyalari joriy etiladigan maydonlarda fermer xo‘jaliklari kesimida tomchilatib sug‘orish texnologiyasiga mos g‘o‘za navlarini tanlash va ularni joylashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlab Vazirlar Mahkamasiga kiritish nazarda tutilgan.