TOShKENT, 23 yanv – Sputnik. O‘zbekistonda mehmonxonalar axloqsizlik xatti-harakatda asosli gumon qilgan mijozlar ustidan IIB shikoyat qilishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekistonda mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha namunaviy qoidalarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi loyihasida aytib o‘tilgan.
Shuningdek, mehmonxonalarga axloqsiz xatti-harakatlarni sodir etishda gumon qilgan mehmonlarga xizmat ko‘rsatmaslik huquqi berilishi mumkin.
Ammo hujjatda mehmonxona xizmatlari "jismoniy shaxslarning yashash joyi (propiskasi), fuqaroligi, qarindoshlik va nikoh munosabatlaridan, shuningdek, shaxsiy hayot huquqini cheklovchi boshqa omillardan qat’iy nazar" ko‘rsatilishi lozimligi qayd etilgan.
Hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Hujjat ostida fuqarolar o‘z fikrlarini yozib qoldirishmoqda. Ular hujjatda “asosli gumon qilish” va “g‘ayriaxloqiy harakatlar” tushunchalariga izoh berilmagani va har bir mehmonxona xodimi buni o‘z xohishicha talqin qilishi mumkinligini aytib o‘tishgan.