TOShKENT, 14 yanv – Sputnik. O‘zbekiston hukumati, turizmni yanada rivojlantirish maqsadida, dunyoning nufuzli brendlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun moliyaviy hissasini qo‘shadi. Bu haqida Shavkat Mirziyoyev tomonidan 5-yanvar kuni imzolangan 4095-sonli qarorda aytib o‘tilgan.
Qarorda aytilishiga ko‘ra, Hukumat tadbirkorlarga franchayzing shartnomalari tuzilganidan so‘ng 3-yil davomida moliyaviy yordam ko‘rsatadi.
Moliyaviy yordamning umumiy miqdori 10 million dollar miqdorida belgilangan. Muayan yordam miqdori u mehmonxona turiga va xonalar soniga bog‘liq bo‘ladi:
dastlabki 50 ta 3 yulduzli toifaga ega mehmonxona – har bir mehmonxonaning bitta xonasi uchun yillik 200 AQSh dollari ekvivalentida;
dastlabki 30 ta 4 yulduzli toifaga ega mehmonxona – har bir mehmonxonaning bitta xonasi uchun yillik 400 AQSh dollari ekvivalentida.
Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi xabarda aytilishiga ko‘ra dunyodagi mehmonxonalar reytingiga ko‘ra 50 ta brend “hamkorlik qilishga loyiq” deb topilgan.
Ular orasida Hilton, Marriott, HYATT, Sheraton, Holiday Inn, Renaissance Hotels, Novotel, The Ritz Carlton, InterContinental, Le Meridien, Radisson kabi brendlar bor.
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mazkur yo‘nalishda barcha zarur amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qiladi, - deyilgan xabar so‘ngida.